Kanalga obuna
Roʻyxat · 8-may, 2026

Yigitlarga yetti nasihat

Akrom Malikning yigitlarga maktubi: xayolni toza tutish, maqsadni aniqlash, kunni tartiblash, kam gapirib koʻp ishlash haqida.

#mumtoz_oila

UCHINCHI BOB

Oltinchi fasl Yigitlarga maktub

Yigitlik – insonning eng go‘zal davridir. Yigitlikdagi g‘ayrat, shiddat, tafakkur va taxayyul keyin qaytmaydi. Og‘riq, kasallik va toliqish neligini vujud bilmaydi. Yigitlik butkul shavq va zavqdan iboratdir. Yigitlikda sho‘xlik va ishrat, o‘yin-kulgu va raqs, urush va janjal, qurol va yarog‘ – hammasi yarashadi. Hazrat Navoiyning asarlarida ta’kidlanganidek, yigit suv ichib topgan lazzati qariganda topilmaydi. Yigitlikda suv ham shirin va lazzatlidir. Yigitlik inson umrining poydevoridir. Yigit o‘sha poydevorni to‘g‘ri va mustahkam qilib qo‘yish haqida o‘ylamogi lozim. Bugun o‘lchovlar buzilib, inson ildizlardan uzilgan bir fursatda yigitlarga aytarimiz bu: 1. Xayolingizni har xil nopok xayollardan toza tutmoqqa urining. Uni turli kinofilm, klip va qo‘shiqlarning ovozi hamda tasvirlari ila to‘ldirmang. Xayolning keraksiz o‘ylar bilan to‘lib qolishi fikrni chuvalashtirib, to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga xalal yetkazadi. 2. O‘zingga kamroq mahliyo bo‘l. Aynan yigitning o‘z husni va qomatiga haddan oshiq mahliyo bo‘lmog‘i uni g‘aflatga tashlaydi. 3. Kasbing va erishadigan narsalaringni – maqsadingni aniqlab ol. Shu maqsadga yetish uchun rejali harakat qil. 4. Mol-dunyoni birinchi o‘ringa qo‘yma. Agar qalbingda hashamat va pulga, mol va dunyoga sevgi kuchayayotganini sezsang, tezda o‘zingni o‘ngla. Insoniylik va mardlik har nedan qimmatdir. 5. Ko‘plab yigitlar nafslariga ergashib, adabsiz va axloqsiz ishlar bilan mashg‘ul. Ular haq so‘zni qabul qilmaydilar. Ularda ikkilanish, shubha va zaiflik bor. Zaiflikki, bu matonat va qat’iyatning teskarisidir. Ko‘plab yigitlar kunlarini tartiblab olomaydilar. Kechalari uxlamay, kunduzlari uxlaydilar. Ishlarida tayin, vaqtlarida unum yo‘q. Sen unday bo‘lma, ey yigit, xufton namozidan keyin darhol uxla. Shunda bomdoddan avval uyg‘onasan. Hech bir uchrashuv hamda ishingni xuftondan keyinga qoldirma. Mana shu tartibni hayotingga joriy qilsang, butun umringga, kuchingga va nafsingga ega chiqasan. Shuni eplay olmasang, mushukvachcha kabi o‘yinchoq bo‘lasan. 6. Shahvat qarshisida ojiz qolma, hirsingni yeng. Unga ongli kurash. Ko‘zing, qulog‘ing va xayollaringni fahshdan saqlasang, butun vujuding pok bo‘ladi. Lattalik qilma. Shaytonga yengilma. 7. Kam gapir va ko‘p ishla. Mehnatdan choʻchima, ahmoq bo‘lma, hisob-kitobga qat’iy qara, sinamay ishonma; yakka bo‘ri bo‘lishdan qo‘rqma; keraksiz narsalarni olma; haq bo‘lsang, chekinma; yolg‘on gapirma; muammolarni zarar yetkazmaydigan shaklda hal qilishni o‘rgan va kattalar bilan maslahatlashishdan qochma! O‘zingni hamisha chetdan fikr va tahlil, aql va tadbir bilan ta’qib et. Shunda ravon yurasan, yiqilmaysan. Ushbu maktub yigitlik yillarini shamollarga sovurgan va yoshligini ko‘plab xatolar ila isrof qilgan bir bechoraning qalamiga mansub, men xato qildim – sen qilma. Sen inson farzandi, sen musulmon farzandi, o‘z farzandim kabi aziz va muhtaramsan, nasihatlarimni yodlab ol va amal qil, Xudo xohlasa, hayoting eng to‘g‘ri o‘zanga tushadi va to‘g‘ri yo‘ldan chiqib ketmaysan.

Akrom MALIK

#mumtoz_oila

Asl postni Telegramda ochish →