Kanalga obuna
Motivatsiya · 12-mart, 2025

Quloq, koʻz va tilni asrash qoidasi

Quloq va koʻz qalbga kiradigan eshiklar, til esa tartib bilan ishlatilishi kerak. Behuda soʻz va foydasiz tomoshalardan uzoq turish hayotni yaxshilaydi.

1-qoida

Quloqni, koʻzni tiy eplasang agar, Aql-u qalbing aslo koʻrmagay xatar! Tilingni saqlasang omondir boshing, Behuda soʻz sabab oqqaydir yoshing!

Sharh:

Inson vujudi bir qasr. Bu qasrning podshohi qalb, vaziri aql. Podshoh hamda vazir sotqin boʻlsa, qasr xarob, eli qul boʻladi.

Quloq va koʻz eshik kabidir. Agar eshik ochiq qolsa, qasrga dushman kiradi. Podshoh va aqlni asir oladi va oʻz hukmiga yurgizadi.

Quloqdan kiradigan dushman — foydasiz soʻzlar, gʻiybat, safsata, qoʻshiq, kuy va shu kabilardir. Bularning hammasi qalbni oʻldirib, aqlni falaj qiladi.

Koʻzdan kiradigan bosqinchi — birovlarning mahramiyati, kinolar, turli tomoshalar va shu kabilardir.

Ikki eshikdan kirgan istilochilar Sizni teranlikdan mahrum qiladi. Gʻayrat va shijoatni oʻldiradi. Tushkunlik va qaygʻuga kishanlaydi. Ichingizdagi ma’naviy xastaliklarni uygʻotib, qurollantiradi.

Tilning ikki vazifasi bor:

1) maqsadni bayon qilish; 2) hikmat, ilmni yetkazish.

Boshqa ishni qilgan til mazlumdir. Chunki egasi uni boshqa ishga majburladi. Tilga u istamagan ishni qildirdi.

Endi til qasos oladi. Egasining boshiga yetadi.

Til gʻiybat qilsa, chaqimchi boʻlsa, nooʻrin gapirsa, shunchaki, valaqlab tursa, unga qilingan zulm shudir.

Demak, tilingni asrasang omondir boshing. Inson oʻylamay gapirsa, gapi behuda chiqadi. Bu gap uni obroʻsiz qiladi. Hurmatini yerga tushiradi.

Albatta, behuda soʻz dushmanga asir tushgan aql va qalbdan keladi.

Doʻstim!

Bekorchi odamlardan qoch.

Facebook, instagram, tiktok, youtubeni telefondan oʻchir.

Koʻzingni asra. Qulogʻingni himoya qil.

Har narsani gapirma. Sukutni saqla. Ijtimoiy qarmoqlarga izoh qoldirma. Post yozma.

Aytganlarimga amal qilsang, bu katta yaxshilikning boshlanishidir, Xudo xohlasa!

Senga muhim qoidalarni eslatib boraman. Ularni yoz, qayta-qayta oʻqi, yodla va amal qil!

Ishon, hayoting, albatta, yaxshilikka oʻzgaradi! Zotan, bu mening shaxsiy gaplarim emas, ota-bobolardan qolgan hikmat gavharlaridir. Bu gavharlarni olganning qadri yuksak va yoʻli ochiq boʻlgay!

Asl postni Telegramda ochish →