Soʻz tanangizga berilgan buyruq
Post soʻzning taʼsirini fizika, neyrobiologiya, oddiy tekshiruv va hadis orqali koʻrsatadi. Oʻzingizga aytgan yomon gap kortizolni oshiradi va miyani shunga oʻrgatadi.
So'z bu tovush emas. Bu tanangga berilgan buyruq.
Siz so'zni og'izdan chiqqan havo deb o'ylaysiz, lekin nega bitta gap butun kuningizni buzib yuborishi, boshqasi esa sizni sakrab turishga majbur qila oladi?
Keling, (first principles) darajasida ko'rib chiqamiz.
1-daraja. Fizika. So'z bu tebranish, to'lqin. Gapirasiz, tebranish avval ichingizga, keyin atrofga tarqaladi. Ovoz — mexanik to'lqin.
Internetda "Emoto tajribasi" yuradi: go'yo so'zlar suv kristallarini o'zgartirar emish, inson esa ~70% suvdan iborat, demak so'zlar bizni ham o'zgartiradi degan xulosa. Chiroyli o'xshatish. Ammo ilm nuqtai nazaridan bu tekshiruvdan o'tmagan. Bu soxta ilm (psevdofan).
Lekin haqiqat bu to'qima g'oyadan ham qo'rqinchli. So'zlar rostdan ham odam "Bioximiyasini" o'zgartiradi, lekin suv orqali emas. Miya orqali.
2-daraja. Neyrobiologiya. Siz o'zingizga "men ahmoqman", "yana hammasini buzdim", "menda hech narsa chiqmaydi" deganingizda — miyangiz buni haqiqiy xavfdan ajrata olmaydi. Amigdala — qo'rquv markazi ishga tushadi. Stress o'qi faollashadi, qonga kortizol chiqadi, bu xuddi sizni kimdir quvlab kelayotgandagi gormon.
Faqat quvlayotgan hech kim yo'q. Xavf bu sizning o'z fikringiz. Kortizol esa baribir ta'sir o'tkazadi: xotiraga, diqqatga, qaror qabul qilish qobiliyatiga.
Va eng xavflisi — neyroplastiklik. O'zingiz haqingizdagi yomon gapni qancha ko'p takrorlasangiz, bu neyron yo'li shuncha mustahkamlanadi. Siz shunchaki bugun o'zingizni koyimayapsiz. Siz miyangizni ertaga sizni avtomatik koyishga o'rgatyapsiz.
O'zingizga aytilgan yaxshi so'z aksincha ishlaydi: o'z-o'ziga rahm (self-compassion) kortizolni tushiradi, tinchlantiruvchi nerv tizimini yoqadi, aql markazi — prefrontal korteksdagi bog'lanishlarni kuchaytiradi. Aynan u amigdalaning vahimasini bosadi.
3-daraja. Oddiy tekshiruv. Oxirgi katta xatoyingizdan keyin o'zingizga nima deganingizni eslang.
Endi tasavvur qiling: xuddi shu gapni, so'zma-so'z eng yaqin do'stingizga aytsangiz.
U siz bilan bir daqiqa ham qolmasdi.
Unda nega buni o'zingizga aytasiz? Har kuni. Oylab. Yillab.
4-daraja. Islom buni neyrofan kashf qilishidan 14 asr avval bilgan. Payg'ambarimiz ﷺ aytganlar:
«Kim Allohga va Oxirat kuniga ishonsa — yaxshi (xayrli) gapni aytsin yoki jim tursin». (Buxoriy, Muslim)
Olimlar bu hadisni shunday izohlaydilar: gapirishdan oldin o'yla. Agar so'z xayrli bo'lsa ayt. Agar yo'q bo'lsa jim tur, chunki muboh (ruxsat etilgan) gap ko'pincha harom yoki makruhga olib boradi. Til ilon kabi: ehtiyot bo'lmasang, o'zingni chaqadi.
Xulosa:
Tanangiz tilingizni tinglaydi. Miya so'zlaringizga so'zma-so'z ishonadi va o'shanga moslashib qayta quriladi. O'zingizga aytilgan yomon so'z eng qimmati, chunki u siz kim bo'lishingizga ta'sir qiladi.
Asl postni Telegramda ochish →