Kanalga obuna
Hikoya · 29-yanvar, 2025

Vaʼda qarz ekanini kech tushundim

Muallif ustidan chiqa olmagan vaʼdalari obroʻ, ishonch va tartibni buzganini yozadi. Xulosa: vaʼda qarz, kichik vaʼdada turmagan odam kattasida ham turmaydi, shuning uchun soʻz birinchi oʻrinda.

Man bu narsani shu ondan boshlab to‘g‘rilamoqchiman.

2019-yilgacha hayotim judayam sodda, oson, muammolarsiz bo‘lgan. Chunki u paytgacha bo‘ynimda hech qanday majburiyatlar va mas’uliyat bo‘lmagan. Keyin kasb egasiga aylanganimdan so‘ng odamlar bilan ishlashni boshladim, odamlar man bilan ishlashni boshladi, ko‘p tanishlar va do‘stlar orttirdim, yil sayin mijozlarni, tanishlarni soni orta boshladi. Raqamlarda aytadigan bo‘lsak telefonimda 1000 ga yaqin odamlarni kontakti paydo bo‘ldi, yuzlab mijozlar bilan uchrashuvlar va yirik tadbirkor, ekspertlar bilan ishladim.

Sizni hech kim tanimagan payti, loyihalaringiz kichik bo‘lganida xato qilish juda oson, chunki to‘g‘rilash oson. Loyihalarim hajmi va majburiyati oshgan sayin har bir xato juda yomon oqibatlarga olib keladigan darajaga chiqdi. Bosim juda katta. Boshqa tarafdan esa bu katta loyihalar yanada kattaroq ishlarni qilishga, ko‘proq odamlar bilan tanishishga, qiziq loyihalarda ishlashga imkoniyatlarni ochishni boshladi.

O‘sha imkoniyatlar ko‘p marta meni aldab qo‘ydi. Mijozlarni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqib, ulgurmasam ham loyihalar oldim, imkoniyatni boy bermaslik uchun frilansni tashlab startaplarda ishladim, odamlarni ishonchini yo‘qotmaslik uchun, ularga yordam berish maqsadida vaqtim yo‘q bo‘lsa ham loyihalar oldim. Ko‘p aytgan ishlarimni ustidan chiqa olmadim.

Bu nima berdi manga?

— har bir ustidan chiqa olmagan va’dam obro‘yimni dars ketishiga sabab bo‘ldi

— odamlarni ishonchini yo‘qotib qo‘yish

— ularga yordam beraman deb do‘stlarimni yo‘qotdim

— hayotimdagi tartib buzilishi

— halovat yoqolishi

— ko‘p mijozlarni yo‘qotish

— ko‘p odamlarni yo‘qotish

— sog‘lig‘imga ta’sir o‘tkazishi.

— TAJRIBA va DARS

Bu dars manga judayam qimmatga tushdi, buni tushunishim undan ham qimmatga tushdi. Nima uchun buni ertaroq tushunmadim? Chunki ko‘pchiligimiz uchun va’da bu oddiy so‘z bo‘lib qolgan, atrofimizdan shunday ishonchli odamlar judayam kam.

Oddiy hayotiy misol:

— Uydamiz, lekin telefonda yo‘ldamiz deymiz

— 5 daqiqada yetib boraman

— Ertaga qilib beraman deb 3 kun o‘tadi

— Bugun bervoraman deb, 10 kun o‘tib ketadi

— Qayergadir boraman, deb oxirgi vaqtda ishimiz chiqib qoladi

— Hozir telefon qilaman deb esimizda chiqib ketadi

Ko‘p misollarni o‘zimdan oldim. Lekin bu misollar afsuski hammamizga tanish …  Buni narsani kimdadir ko‘rsak ham indamasdan o‘tib ketamiz, aytmaymiz. Oddiy hol bo‘lib qolgan.

Odam kichkina narsani qanday qilsa, katta narsalarni ham shunday qiladi. Kichik narsalarda va’damizni ustidan chiqa olmasak, katta narsalarda aniq ustidan chiqa olmaymiz.

Aytgan so‘zlarimiz, va’dalarimiz bu — qarz ekan. Kimgadir so‘z berib vaqtidan o‘tkazib yuborsak o‘sha odamni haqqini yeyayotgan bo‘lar ekanmiz. Oldin odamlar va’dasida turish uchun jonini berishga ham tayyor bo‘lishgan, hozir esa va’dadan arzon narsa yo‘q.

Man bu narsani kech tushunib yetdim, endi bu narsa mani qalbimning tubigacha yetib bordi.

Mayli man millionlab ishlamaslikka roziman, mayli umuman pulsiz qolishga roziman, hamma mijozlarimdan ayrilishga ham roziman lekin endi so‘zimni, va’damni birinchi o‘ringa qo‘yaman!

Mijozlarni, obro‘-e’tiborni, pulni yo‘qotish qo‘rqinchli emas, ustidan chiqa olmagan va’dalar uchun abadiy hayotga o‘tganimizda javob berish qo‘rqinchli.

Bu narsalarni ochiq yozayotganimni sababi, man yozganlarimni 24 yoshimda tushundim, buni maksimal darajada ko‘proq odam ertaroq tushunishini istar edim. Allohga shukur bu narsani 24 da tushundim, 44 da emas.

Yuqorida yozganlarim sizni qo‘rqitishi mumkin, bu Umid shunaqa yolg‘onchimi deb, yo‘q man 2019 yildan beri nechta loyihadan ishlagan bo‘lsam, nechta sayt qilgan bo‘lsak hammasini oxirigacha yetkazib tugatib berganman. Loyiha zararda bo‘lsa ham, pulini qaytarib bergan bo‘lsak ham hamma ishlarni oxirigacha tugatganmiz. Lekin oxir 2 yildagi ba’zi loyihalarda kechikdik, yuqoridagi xatolarni qildik, ishlarni vaqtida qilib bera olmadik. Undan tashqari hayotimdagi shu mayda so‘zlarga ham e’tiborsizlik bo‘lgani uchun bu postni yozdim.

Asl postni Telegramda ochish →